O'zbekiston

Nafas olishni qiyinlashtirgan tutun va chang: Namanganda korxona faoliyati to‘xtatildi

Andijonda esa ikkita qo‘lbola ohak pishirish o‘chog‘i bartaraf etildi.

Nafas olishni qiyinlashtirgan tutun va chang: Namanganda korxona faoliyati to‘xtatildi

 

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hududiy boshqarmalari tomonidan atmosfera havosi sifatini yaxshilash hamda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganishga qaratilgan reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

 

Xususan, Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi fuqarolarning ohak va g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalardan chiqayotgan tutun hamda chang sababli nafas olish qiyinlashayotgani haqidagi murojaatlari asosida nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.

 

O‘rganishlar davomida korxonalar faoliyati nazoratga olinib, mas’ullarga atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik me’yorlarga rioya etish va ishlab chiqarish jarayonlarini belgilangan talablar asosida tashkil qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

 

Shuningdek, korxonalardagi chang va gaz tozalash uskunalarining samaradorligi o‘rganilib, laboratoriya tahlillari uchun namunalar olindi. Namunalar belgilangan tartibda tekshiriladi va natijalarga ko‘ra qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘riladi. Hududda aniqlangan ikkita qo‘lbola ohak pishirish o‘chog‘i ham bartaraf etilib, tegishli choralar ko‘rildi.

 

Bundan tashqari, Namangan viloyatidagi “S.M.” g‘isht ishlab chiqarish korxonasida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirida atmosferaga yuqori miqdorda chang-gaz chiqarilayotgani aniqlandi. Shu sababli korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 

Qayd etilishicha, reyd tadbirlari respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.