O'zbekiston

Bir oyda 21 mingdan ortiq bayonnoma: avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlar ko‘paydi

Toshkentda chiptasiz yurishga qarshi nazorat kuchaydi.

Bir oyda 21 mingdan ortiq bayonnoma: avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlar ko‘paydi

 

Toshkent shahrida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan rasmiylashtirilayotgan ma’muriy bayonnomalar soni oshib bormoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ Axborot xizmati ma’lum qildi.

 

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, avgust oyida 10 843 ta, sentabrda 20 286 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 1–26-oktabr kunlari esa bu ko‘rsatkich 21 116 tani tashkil etgan.

 

Shunday qilib, sentabr oyida bayonnomalar soni avgustga nisbatan 87,1 foizga oshgan. Oktabrning dastlabki 26 kunida esa sentabr oyining to‘liq ko‘rsatkichidan 830 ta ko‘p bayonnoma qayd etilgan.

 

Kunlik o‘rtacha ko‘rsatkich ham ortgan: avgustda 350 ta, sentabrda 676 ta, oktabrning 1–26 kunlarida esa 812 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Yil boshidan 26-oktabrga qadar yo‘l haqini to‘lamagan jami 134 300 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

 

“Toshshahartransxizmat” AJ qayd etishicha, bayonnomalar sonining ko‘payishi faqat qoidabuzarliklar ortganini anglatmaydi. Bunga nazorat tadbirlari qamrovining kengayishi va huquqbuzarliklarni aniqlash imkoniyatlarining oshishi ham ta’sir qilishi mumkin.

 

Yo‘lovchilar avtobusga chiqqan zahoti yo‘l haqini to‘lashi lozim. To‘lov intizomiga rioya qilish jamoat transporti tizimining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.