Qarshida 21 yoshli qiz operatsiyadan keyin vafot etdi: prokuratura tekshiruv boshladi
Qizning ahvoli operatsiyadan to‘rt kun o‘tib og‘irlashgan.

Qarshi shahrida yashagan 21 yoshli qiz jarrohlik amaliyotidan keyin vafot etdi. Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qildi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 2005-yilda tug‘ilgan L.M. 14-oktabr kuni “gipofiz adenomasi” tashxisi bilan Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasining neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Bemorni bir necha yil davomida nafas olish qiyinlashishi, bo‘y o‘sishining ortda qolishi, qo‘l va oyoq barmoqlarining yo‘g‘onlashishi kabi alomatlar bezovta qilgan. Tekshiruvlarda gipofiz bezida katta o‘lchamdagi o‘sma aniqlangan. Gormonal tahlillar esa o‘sish gormoni miqdori me’yordan sezilarli darajada yuqori ekanini ko‘rsatgan.
16-oktabr kuni poytaxtdan kelgan mutaxassis ishtirokida bemorda burun orqali endoskopik usulda gipofiz bezi o‘smasini olib tashlash operatsiyasi o‘tkazilgan.
Operatsiyadan keyin bemor shifokorlar nazoratida bo‘lgan. 19-oktabr kuni o‘tkazilgan tekshiruvda hech qanday asorat aniqlanmagan.
Biroq 20-oktabr kuni bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan. Unda qon bosimining ko‘tarilishi, hush, nafas olish va yurak faoliyatining buzilishi kuzatilgan. Intensiv davolash muolajalariga qaramay, 26-oktabr kuni bemor vafot etgan.
Ayni paytda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.








