Dohada O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi
Taqdimotda O‘zbekiston va Qatar vakillari buyuk allomalar merosi, islom ilmlari rivoji hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishi kutilmoqda.

Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining missiyasi, ilmiy-ma’rifiy salohiyati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini keng jamoatchilikka tanitish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti o‘tkazilmoqda. Taqdimot doirasida xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya institutida tashkil etilgan taqdimot va xalqaro ilmiy seminarda O‘zbekiston va Qatarning ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalari vakillari ishtirok etib, Movarounnahr allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, islom ilmlari rivoji va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishi kutilmoqda.
Taqdimotning asosiy maqsadi buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uni zamonaviy yondashuvlar asosida xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek, O‘zbekistonning jahon islom sivilizatsiyasi tarixidagi munosib o‘rnini namoyon etishdan iborat.
Taqdimot O‘zbekiston Respublikasining Qatar Davlatidagi elchisi Ashraf Xo‘jayev, Qatar davlat vaziri, Qatar Milliy kutubxonasi raisi doktor Hamad bin Abdulaziz al-Kavoriy hamda Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi vakili doktor Ahmad bin Hasan al-Hammodiyning qutlov so‘zlari bilan ochildi.
Movarounnahr tilga olinganda, insoniyatning taraqqiyot yo‘lini yoritgan buyuk allomalar nomlari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Bu zamindan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan eng ishonchli hadislarni jamlagan Imom Buxoriy yetishib chiqqan. Bu yerda Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar kamol topgan. Bu — butun dunyo hanuzgacha uning algoritmlaridan foydalanib kelayotgan Muhammad Xorazmiy vatani. Bu — Yerni o‘lchagan va xalqlarga xolis baho bergan Ab-u Rayhon Beruniy yurti. Bu — «Tib qonunlari» asari asrlar davomida Yevropa universitetlarida tibbiyotning asosiy manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilgan Ibn Sino zamini. Bu — Samarqanddagi rasadxonasidan yulduzlarni kuzatgan Mirzo Ulug‘bek yurti.
Buxoro, Samarqand va Toshkent Buyuk ipak yo‘lining muhim bekatlari bo‘lgan. Bu shaharlar orqali karvonlar turli mollar va buyumlarni olib o‘tgan bo‘lsa, g‘oyalar va tafakkur durdonalari ulardan ham uzoqroq yashaydigan ma’naviy boylik sifatida tarqalgan.
Shu o‘rinda biz O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati va xalqiga, ayniqsa, ushbu muborak tashabbus muallifi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazidek muhtasham maskanni bunyod etganliklari uchun chuqur minnatdorlik va yuksak ehtiromimizni izhor etamiz.
Ushbu markazning ahamiyati faqat O‘zbekiston va uning buyuk tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan cheklanmaydi. Albatta, buning o‘zi ham nihoyatda ulug‘ va muhim vazifadir - dedi Qatar Milliy kutubxonasi raisi doktor Hamad bin Abdulaziz al-Kuvariy o‘z nutqida.
Taqdimot doirasidagi xalqaro ilmiy seminarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov “Islom sivilizatsiyasi markazi: missiyasi, loyihalari va hamkorlik yo‘nalishlari” mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Ma’ruzada Markazning tashkil etilishi zamirida turgan strategik maqsadlar, uning ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu yirik loyiha O‘zbekistonning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, buyuk allomalarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berish va uni kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari buyuk ajdodlarimiz merosini asrash, chuqur o‘rganish, dunyoga tanitish va yosh avlodga yetkazishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Olimlar, tadqiqotchilar, muzeyshunoslar va ijodkorlarni umumiy maqsad atrofida birlashtirdi. Bu g‘oyaning markazida inson, uning bilimi, ma’naviyati va kelajagi turadi. Ajdodlarimiz yaratgan har bir asar, qoldirgan har bir kashfiyot bugungi avlod uchun yangi imkoniyatlar manbai bo‘lishi kerak.
Biz har bir asar ortida olimning tafakkurini, har bir kashfiyot ortida izlanish va mehnatni, har bir tarixiy yuksalish ortida ilmga bo‘lgan e’tiborni ko‘rsatishga intilamiz. Tarix gapirishi kerak. Madaniy meros inson bilan muloqot qilishi kerak.
O‘tmish bugungi avlodni yangi bilim va yangi kashfiyotlarga ruhlantirishi kerak. Biz uchun eng muhim natija — Markazga kelgan yoshning qalbida ilmga ishtiyoq uyg‘onishidir. U o‘z ajdodlarining yutuqlarini anglab, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ysin, izlansin, yaratsin, insoniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga intilsin.
Meros oldidagi mas’uliyatimizni to‘rt vazifada ko‘ramiz: asrash, o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish. Merosni asrab — xotiramizni saqlaymiz, uni o‘rganib — tafakkurimizni boyitamiz, yangi bilim yaratib — sivilizatsiya davomiyligini ta’minlaymiz, - dedi markaz direktori.
Ilmiy seminarning asosiy ma’ruzalarida O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk ilmiy maktablar va allomalar merosining turli qirralari muhokama qilindi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Shayx Abdulaziz Mansur “Usmon Mus’hafi — O‘zbekiston va butun musulmon olamining muqaddas obidasi” mavzusida ma’ruza qildi. Unda Usmon Mus’hafining islom olamidagi tarixiy va ma’naviy ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Qatar universiteti Shariat fakulteti dekani doktor Ibrohim al-Ansoriy Movarounnahr olimlarining Qur’on va hadis ilmlariga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi. Qatar universiteti Shariat va islomshunoslik fakulteti dekanining o‘rinbosari doktor Muhammad al-Musleh Imom Termiziyning “Sunan” asarining zamonaviy islom ta’limidagi ahamiyatini yoritdi.
Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi Ikrom Abdullayev “Xorazm Ma’mun akademiyasi: Xorazmiy va Beruniy merosining jahon ilm-fanidagi o‘rni” mavzusida ma’ruza qilib, ushbu ilmiy maktabning jahon ilm-fani tarixidagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Hamad bin Xalifa universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasida musulmonlarning hissasini o‘rganish markazi direktori professor Oisha al-Mannaiy Markaziy Osiyo olimlarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi haqida fikr bildirdi. «Al-Fanar» Islomni tanitish markazi direktori doktor Solih al-Marriy Imom Moturidiy ta’limoti va mo‘tadil islom qadriyatlariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. Qatar universiteti huzuridagi Sivilizatsiyalar muloqoti kafedrasi dotsenti, professor doktor Izzuddiyn Ma’miysh esa O‘zbekiston va Qatarning sivilizatsiyalar muloqotidagi o‘rnini yoritdi.
Ushbu anjuman Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelgusi hamkorlik uchun muhim qadamdir. Har ikki davlat islom madaniyatini keng tanitish, musulmon olimlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va tinchlik g‘oyalarini targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi.
Qatar arab tilini o‘rgatish, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor. O‘zbekiston esa boy tarixiy va madaniy merosi orqali ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirishi mumkin. Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro anjumanlar va madaniy loyihalar ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Inshaalloh, Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida yanada rivojlanadi, - dedi Qatardagi Hamad bin Xalifa universiteti Islom tadqiqotlari fakultetining Islom sivilizatsiyasiga musulmonlar qo‘shgan hissani o‘rganish markazi katta ilmiy tadqiqotchisi Muhammad Modassir Ali.
Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, ishtirokchilarga mamlakatimizdagi boy tarixiy va ilmiy-ma’naviy merosni aks ettiruvchi kitoblar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Yakuniy sessiyada taqdimot natijalari sarhisob qilinib, ilmiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi hamkorlik istiqbollari, yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Doha shahrida o‘tkazilgan mazkur xalqaro taqdimot O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga keng tanitish, islom sivilizatsiyasini xolisona o‘rganish va targ‘ib etish, shuningdek, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.








