Qish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam beriladi: kimlar olishi mumkin?
Yoqilg‘i-energetika sohasidagi islohotlar jarayonida aholini ijtimoiy himoya qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.

“Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida, 2026-yil noyabr oyida ayrim ehtiyojmand oilalar va fuqarolarga bir martalik 1 mln so‘mdan moddiy yordam ajratiladi.
Yordam quyidagi toifalarga beriladi:
-
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga;
-
“Mahalla yettiligi” xulosasi asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati bo‘yicha reyestr mezonlariga mos keladigan oilalarga;
-
Oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalarga;
-
Markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi, daromadi belgilangan mezonlarga mos oilalarga. Bunda aholi jon boshiga o‘rtacha oylik daromad Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan, Toshkent shahrida esa uch baravaridan oshmasligi kerak.
Shuningdek, barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tuman (shahar) shtablari qaroriga muvofiq, daromadi yuqoridagi mezonlardan oshadigan ayrim ehtiyojmand oilalarga ham yordam ajratilishi mumkin.
Bundan tashqari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagi fuqarolar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar ham bir martalik moddiy yordam oladi.








