28 kun komada yotdi: Samarqandda tiriklayin ko‘milgan erkak vafot etdi
Gumonlanuvchilar 32 yoshli erkakni avval armatura bilan kaltaklab, so‘ng ovloq joyga olib borib ko‘mishgan.

Samarqand viloyatining Payariq tumanida bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, ovloq joyga olib borib ko‘milgan 32 yoshli erkak shifoxonada 28 kun komada yotib, vafot etdi.
Ma’lum qilinishicha, Navro‘z mahallasida yashagan erkak tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga ketayotganida ularning yo‘lini oq rangli Spark avtomobili to‘sib qolgan. Mashinadan tushgan shaxslar uning boshiga armatura bilan zarba bera boshlagan.
Voqea guvohining aytishicha, u do‘stini himoya qilish va hujum qilganlarning qo‘lidagi armaturani olib qo‘yishga uringan. Biroq guruh a’zolari unga ham tashlanib, toshlar bilan urgan. Keyin esa erkakni mashinaga majburan o‘tqazib olib ketishgan.
Marhumning akasiga ko‘ra, ukasini mahalla markazidan taxminan uch kilometr uzoqlikdagi, aholi yashamaydigan hududga olib borishgan. U o‘sha yerdan og‘ir ahvolda topilgan.
Akasining aytishicha, erkakning tanasida ko‘plab jarohatlar bo‘lgan, bo‘yin qismi ko‘karib ketgan. Uni shifoxonaga olib borishganida o‘pkasidan uch litrdan ortiq qon olingan.
Marhumning turmush o‘rtog‘i uning tanib bo‘lmas darajada jarohatlanganini va 28 kun komada yotganini bildirgan.
Janjalga nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan. Marhumning akasi oilasi bilan hujum qilganlar o‘rtasida avvaldan adovat bo‘lmaganini aytgan. Biroq hodisadan ikki kun oldin ukasi ular bilan janjallashib, yoqalashganini ko‘rganlar borligini bildirgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari Hamidulla Sagdullayevning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jabrlanuvchi vafot etganidan so‘ng ish mazkur moddaning 3-qismi “d” bandi bilan qayta malakalangan.
Ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.








