“Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etildimi? Endi onlayn shikoyat qilish mumkin
Murojaatlar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekistonda fuqarolar oilasini “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etilgani yoki “mahalla yettiligi” tomonidan rasmiylashtirilgan xulosa va dalolatnomalardan norozi bo‘lsa, endi my.gov.uz orqali elektron shikoyat yuborishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-son qaroriga muvofiq, fuqarolar tuman va shahar hokimliklari huzuridagi Apellyatsiya kengashiga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Apellyatsiya kengashi quyidagi masalalarni ko‘rib chiqadi:
-
Oilani “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etilgani yuzasidan shikoyatlar;
-
“Mahalla yettiligi” tomonidan rasmiylashtirilgan savolnoma, xulosa va dalolatnomalarni qisman yoki to‘liq bekor qilish;
-
Hujjatlarga o‘zgartirish kiritish majburiyatini “mahalla yettiligi” zimmasiga yuklash haqidagi murojaatlar.
Shikoyatlar kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Apellyatsiya kengashi majlislari zaruratga qarab, biroq kamida oyiga bir marta o‘tkaziladi.
Elektron shikoyatni my.gov.uz portali orqali yuborish mumkin.








