Samarqandda SHHT plyus ilk ekspertlar muloqoti: xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi
5–6-noyabr kunlari Samarqandda raqamli transformatsiya davrida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

2026-yilning 5-6-noyabr kunlari Samarqand shahrida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti o‘z ishini boshlaydi.
Uchrashuv mavzusi – «Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish». Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari general-polkovnik B.Qurbonov raisligida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur formatni yo‘lga qo‘yish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyevga tegishli bo‘lib, ilk bor 2024-yilda ShHTning Ostona shahridagi sammitida yangragan. 2025-yilda Tyantszinda bo‘lib o‘tgan Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus birinchi ekspertlar muloqotini Samarqandda o‘tkazish taklif qilingan edi.
Bo‘lajak uchrashuvda ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchilar, muloqot bo‘yicha hamkorlar maxsus xizmatlarining rahbarlari hamda vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etadi. Dunyoning 24 davlatidan 33 ta delegatsiya va 5 ta xalqaro tashkilot vakillari kelishi kutilmoqda.
Uchrashuv doirasida ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektni zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga ta’siri xususida fikr almashilishi ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha delegatsiyalar rahbarlari raqamli transformatsiya davrida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikning aniq vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oladilar.








