Ijtimoiy tarmoqlardagi qaysi sahifalar taqiqlangan? Oliy sud yangilangan ro‘yxatni e’lon qildi
O‘zbekistonda ekstremistik va terroristik g‘oyalar bilan bog‘liq deb topilgan 2 057 ta internet manbasidan foydalanish taqiqlangan.

Oliy sud diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan hamda O‘zbekistonda taqiqlangan internet manbalari va kontentlarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi.
2026-yil 3-noyabr holatiga ko‘ra, ro‘yxatga jami 2 057 ta manba kiritilgan. Ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan.
Ro‘yxatdagi manbalar quyidagicha taqsimlangan:
-
Facebook — 276 ta sahifa;
-
Telegram — 967 ta kanal va guruh;
-
Instagram — 454 ta profil;
-
YouTube — 214 ta kanal;
-
Odnoklassniki — 44 ta sahifa;
-
TikTok — 68 ta akkaunt;
-
Threads — 1 ta profil;
-
veb-saytlar va boshqa manbalar — 33 ta.
Oliy sud fuqarolarni diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm g‘oyalaridan ehtiyot bo‘lishga hamda sud tomonidan taqiqlangan internet manbalaridan yiroq turishga chaqirdi.
Taqiqlangan manbalarning to‘liq ro‘yxati bilan Oliy sudning rasmiy sahifasida tanishish mumkin.








