Asakada alimentdan qarzdor 14 nafar ota qamaldi
Sayyor sudda 30 nafar otaning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilgan.

Joriy yilning 29 oktyabr kuni Majburiy ijro byurosi Asaka tuman bo‘limi binosida aliment to‘lovidan bo‘yin tovlab yurgan shaxslarning javobgarlik masalasi sayyor sudda ko‘rib chiqildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Byuroning Asaka tuman bo‘limi ish yurituvida aliment undiruvi bilan bog‘liq 4,9 mingta ijro hujjati mavjud bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan ijro harakatlari davomida 34 mlrd. so‘mdan ziyod aliment pullari undirilib, undiruvchilarga topshirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida farzandlari moddiy taʼminotidan bo‘yin tovlab kelgan 118 qarzdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Sayyor sud jarayonida aliment to‘loviga befarq bo‘lgan 30 nafar otalarning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida farzandlarining moddiy taʼminotidan bosh tortib kelgan 14 nafar qarzdorlarga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi belgilangan bo‘lsa, 1 nafariga jarima tayinlanib, 2 nafar qarzdorlar aliment qarzlarini to‘liq to‘lab yuborganligi uchun sud zalida javobgarlikdan ozod etilib, 7 nafariga zarar summalarini to‘lash uchun muddat berildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 6 nafar qarzdorlar oilasi bilan o‘zaro yarashtirilishi taʼminlandi.







