“Mashhurlikka erishmoqchi edik”: to‘yda yuk mashinalaridan kortej tuzgan haydovchilar jazolandi
Shuningdek, haydovchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida to‘y marosimi vaqtida yuk mashinalaridan iborat kortej tashkil etib, yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 12-noyabr kuni Guliston tumanida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida bir nechta yuk avtomobili haydovchilari guruh bo‘lib harakatlangan. Ushbu holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Sirdaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 129-moddasi birinchi qismi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, ular bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Haydovchilardan biri yaqin do‘stining to‘yida yuk mashinalaridan kortej tashkil qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular mashhurlikka erishish maqsadida shunday harakat qilgan, biroq bu ish qonunga xilof ekanini bilmagan.
Haydovchi ichki ishlar xodimlari tomonidan chaqirilib, tushuntirish berilgani va qonuniy chora ko‘rilganini bildirgan. Shuningdek, boshqa haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga chaqirgan.








