“Kamera orqali uch kunda topildim”: soxta avtoraqam taqqan haydovchilar ushlandi
Ayrim fuqarolar soxta avtoraqamlarni xorijdan ijtimoiy tarmoqlar orqali buyurtma qilgani, boshqalari esa tanishlaridan sotib olganini bildirgan.

Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida, shuningdek, Namangan xalqaro aeroportida soxta davlat raqam belgilaridan foydalangan va ularni olib kirgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 5-noyabr kuni Namangan xalqaro aeroportida Moskva–Namangan yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan, Kosonsoy tumanida yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroning yuk sumkasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruvda tegishli hujjatlari bo‘lmagan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan soxta avtoraqam belgilari topilgan.
Bundan tashqari, Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida bir nechta avtomobilga o‘rnatilgan davlat raqam belgilarining qalbakiligi aniqlangan. Surishtiruvda ayrim fuqarolar soxta raqamlarni xorijiy davlatlardan ijtimoiy tarmoqlar orqali buyurtma qilgani, boshqalari esa tanishlaridan sotib olganini bildirgan.
Barcha holatlar rasmiylashtirilib, soxta davlat raqam belgilari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Qoidabuzarlardan biri yuz tuzilishini aniqlash kameralari orqali uch kun ichida topilganini aytib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 227-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxsga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Agar qilmish mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, jazo BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.








