Ruhiy kasalliklar va giyohvandlik: Toshkentda 9 oylik ko‘rsatkichlar ochiqlandi
Narkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turuvchilar soni 2025-yil 1-oktyabrga nisbatan 593 nafarga oshdi.

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida ruhiy kasalliklar bo‘yicha yangi hisobga olinganlar soni 2 665 nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davrida 2 396 nafar bo‘lgan.
Yangi hisobga olinganlarning 1 203 nafari kattalar, 143 nafari o‘smirlar va 1 321 nafari bolalardir. Ayni paytda poytaxtda jami 23 377 nafar fuqaro ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turadi. Hisobot davrida 6 188 nafar bemor shifoxona sharoitida davolangan.
Shuningdek, Toshkent shahrida narkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turganlar soni 7 460 nafarga yetgan. Ularning 608 nafari ayollardir. 2025-yil 1-oktyabr holatida bu ko‘rsatkich 6 867 nafarni tashkil etgan.
Narkologik hisobda turganlarning 3 885 nafari alkogolga qaramlik, 3 215 nafari giyohvandlik, 36 nafari esa zaharvandlik bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ro‘yxatga olingan.
Birlamchi kasallanish ko‘rsatkichlari ham ayrim yo‘nalishlarda oshgan. Xususan, 100 ming aholiga nisbatan giyohvandlik bo‘yicha ko‘rsatkich 21,1 ni tashkil etib, 2025-yildagi 17,5 dan yuqori bo‘lgan. Zaharvandlik bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2,1 ga yetgan, o‘tgan yili esa 1,4 bo‘lgan. Alkogolga qaramlik bo‘yicha birlamchi kasallanish ko‘rsatkichi 5,1 ni tashkil etgan.
Bundan tashqari, 2026-yilning to‘qqiz oyida Toshkent shahrida yettita skrining dasturi doirasida 3 231 643 nafar aholi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. O‘rtacha qamrov 90,5 foizni tashkil etgan va 29 763 nafar fuqaroda kasalliklar erta aniqlangan.








