Radarlar tezlikni oshirib ko‘rsatyaptimi? O‘zbekistonda qurilmalar tekshirilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda radarlarning tezlikni noto‘g‘ri qayd etayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim radarlar haydovchilarning tezligini amaldagi ko‘rsatkichdan yuqori qayd etayotgani va noqonuniy ishlayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, yo‘l harakati qoidalari ijrosida qonuniylik va adolatni ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab o‘rnatilgan barcha foto-video qayd etish qurilmalari hamda radarlar faoliyatini tekshirmoqda.
Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida amalga oshirilmoqda. Jarayonda radarlarning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi, tezlikni qayd etish aniqligi va qonuniy faoliyat yuritishi nazorat qilinadi.
Shuningdek, qurilmalarning uzluksiz, soz va aniq ishlashini ta’minlash maqsadida ular O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari tomonidan muntazam metrologik tekshiruv va sinovlardan o‘tkazib kelinmoqda.
Aniqlangan kamchiliklar yoki qonunbuzilish holatlari yuzasidan mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi bildirilgan.








