O'zbekiston

O‘zLiDeP navbatdagi Kongressga tayyorgarlikni boshladi: konferensiyalar o‘tkazilmoqda

Kongress delegatlari hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol bo‘lgan tadbirkorlar, fermerlar, ziyolilar, yoshlar va xotin-qizlar orasidan saylanmoqda.

O‘zLiDeP navbatdagi Kongressga tayyorgarlikni boshladi: konferensiyalar o‘tkazilmoqda

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasida navbatdagi Kongressga tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda.

 

19-noyabr kuni partiya Siyosiy kengashi yig‘ilishida qabul qilingan qaror asosida mamlakat bo‘ylab boshlang‘ich tashkilotlarda yig‘ilishlar o‘tkazildi. Endilikda jarayon tuman va shahar konferensiyalari bosqichiga o‘tdi.

 

Konferensiyalarda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol bo‘lgan tadbirkorlar, fermerlar, ziyolilar, yoshlar va xotin-qizlar orasidan Kongress delegatlarini saylash, yangi siyosiy dastur loyihasini shakllantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

 

Shuningdek, quyi bo‘g‘inlarda bildirilgan taklif va tashabbuslarni umumlashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, mahalliy muammolar yuzasidan ijro hokimiyati organlariga takliflar kiritish ham ko‘zda tutilgan.

 

Hududiy partiya tashkilotlari va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari hamkorligini kuchaytirish, deputatlik nazorati hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalari ham konferensiyalar kun tartibidan o‘rin olgan.

 

Keyingi bosqichda tuman va shahar konferensiyalarida shakllantirilgan takliflar hududiy partiya kengashlari konferensiyalarida umumlashtirilib, navbatdagi Kongress muhokamasiga olib chiqiladi.