Qishki shinalarni qachon almashtirish kerak? YHXB haydovchilarni ogohlantirdi
Shinalardagi havo bosimini kamida oyiga bir marta tekshirish tavsiya etiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilarga yozgi shinalarni qishkilariga almashtirish va avtomobillarini sovuq mavsumga tayyorlashni eslatdi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, past haroratda yozgi shinalar qattiqlashib, ularning yo‘l bilan ilashish qobiliyati 40–60 foizgacha kamayishi mumkin. Shu sababli haydovchilarga tog‘ uchburchagi ichidagi qor parchasi tasviri tushirilgan belgiga ega qishki shinalarni tanlash tavsiya etiladi.
Qishki shinalar protektorining chuqurligi kamida 4 millimetr bo‘lishi kerak. Protektorning eskirishi tormoz masofasini uzaytiradi va avtomobilning yo‘lda barqarorligini pasaytiradi.
Shuningdek, shinalardagi havo bosimini kamida oyiga bir marta tekshirish lozim. Sovuq havoda bosim pasayishi mumkin. Me’yoridan kam bosim yoqilg‘i sarfini oshirsa, ortiqcha bosim avtomobil barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Boshqarma barcha to‘rtta shinani bir vaqtda almashtirish kerakligini ta’kidladi. Qishki shinalarni faqat old yoki orqa o‘qqa o‘rnatish tavsiya etilmaydi.








