O‘zbekistonda 593 kilometr pulli yo‘l quriladi: loyihalarga 5,6 milliard dollar sarflanadi
Hokimlarga bir oy ichida har bir hududda 1–2 tadan yo‘l yoki ko‘prik loyihasini tanlab, investorlar bilan ishlashni boshlash topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlat rahbari iqtisodiyotning o‘sish sur’atlariga mos ravishda transport tizimini rivojlantirish, sohaga katta miqdorda investitsiya va zamonaviy texnologiyalar jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi o‘n yilda yo‘l sohasiga 80 trillion so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lar hisobidan 7 ming kilometr yo‘l qayta qurilgan, 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlangan. Endilikda yo‘l infratuzilmasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va sohaga 20 milliard dollar olib kirish imkoniyati mavjud.
Hozirda umumiy qiymati 5,6 milliard dollar bo‘lgan, jami 593 kilometr uzunlikdagi pulli avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha beshta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida 2,2 milliard dollarlik yo‘l qurilishi boshlangan. Toshkent – Angren yo‘nalishidagi 1,6 milliard dollarlik loyiha bo‘yicha tender jarayonlari yakunlanmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent – Chorvoq, Samarqand – Buxoro yo‘nalishlari hamda Taxtaqoracha dovonidagi yo‘llar bo‘yicha jami 1,8 milliard dollarlik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlab, investorlarga taqdim etish topshirildi. Hozirga qadar hududlarda umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 131 ta loyiha taklifi tayyorlangan.
Hokimlarga bir oy muddatda har bir hududda 1–2 tadan yo‘l yoki ko‘prik loyihasini tanlab, ularni qurish, saqlash va boshqarish sharti bilan investorlarga taklif etishni boshlash topshirildi. Loyihalar xususiy sektorga texnik-iqtisodiy asoslari bilan birga tayyor paket shaklida taqdim etiladi.
Shuningdek, yo‘llar bo‘yida savdo va servis obyektlarini tashkil etish huquqi ham investorlarga beriladi. Bunday loyihalarni har bir tumanda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.








