Aqlli hisoblagichlar o‘rnatilishi ortidan firibgarlik: fuqarolardan pasport ma’lumotlari so‘ralmoqda
Aldovchilar, asosan, yoshi katta va pensioner fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, hisoblagich o‘rnatish bahonasida shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinmoqda.

Poytaxt tumanlarida aholi xonadonlariga aqlli hisoblagichlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda. “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJga ko‘ra, ayni jarayondan foydalanib, fuqarolarni aldashga urinayotgan firibgarlar ham paydo bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda firibgarlar, asosan, yoshi katta va pensionerlarga telefon qilmoqda. Ular xonadonga aqlli hisoblagich o‘rnatishni bahona qilib, fuqarolarning pasport ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinmoqda.
Ta’kidlanishicha, hisoblagich o‘rnatish uchun iste’molchidan hech qanday to‘lov yoki shaxsiy ma’lumot talab etilmaydi. Mahallalarda ishlar boshlanishi haqida fuqarolar mahalla fuqarolar yig‘ini orqali xabardor qilinadi.
Jarayon yuzasidan savollar tug‘ilsa, fuqarolar yig‘inlarida tashkil etiladigan vaqtinchalik shtablardagi mutaxassislarga murojaat qilish mumkin.
Fuqarolardan pasport ma’lumotlari va boshqa shaxsiy axborotlarini begonalarga bermaslik, firibgarlarning qo‘ng‘iroqlariga aldanmaslik so‘ralgan.








