Xalqaro yordam qisqardi: 446 ming kishi OIVdan himoyalovchi dorilarsiz qoldi
Bu qariyb 20 yil ichidagi eng keskin pasayishdir.

Xalqaro yordamning kamayishi oqibatida 2025-yilda OIV infeksiyasining oldini olish uchun dori vositalarini qabul qilganlar soni avvalgi yilga nisbatan 446 ming kishiga kamaydi. Bu haqda BMTning OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi ma’lumot berdi.
Tashkilotga ko‘ra, OIVga qarshi kurash uchun ajratiladigan xorijiy yordam bir yil ichida 18 foizga qisqargan. Bu qariyb 20 yil ichidagi eng keskin pasayish hisoblanadi. Shu davrda mamlakatlarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratgan xarajatlari atigi 4 foizga oshgan.
Qisqarish, xususan, OIV yuqtirish xavfini kamaytirish uchun infeksiyaga duchor bo‘lishdan oldin qabul qilinadigan PrEP profilaktik dorilaridan foydalanishga ta’sir ko‘rsatgan. 2025-yilda dunyo bo‘ylab taxminan 2,6 million kishi ushbu vositani qabul qilgan.
G‘arbiy va Markaziy Afrika mamlakatlari tashqi yordamga qaram bo‘lib, xalqaro donorlar ushbu hududda OIVni davolash xarajatlarining qariyb 90 foizini qoplaydi. Biroq moliyalashtirish qisqarishi boshqa mamlakatlarga ham ta’sir qilgan.
UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘ yetishmasligi sabab OIV testlari soni va davolanishni boshlayotganlar ko‘rsatkichi ham kamaygan. Infeksiya tarqalishini kuzatish imkoniyatlari ham cheklangan.
Shu bilan birga, yangi profilaktika vositalari ham paydo bo‘lmoqda. Ulardan biri yiliga ikki marta yuboriladigan lenakapavir inyeksiyasidir. 2026-yil oktabriga kelib, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikaning to‘qqizta mamlakatida taxminan 175 ming kishi ushbu vositani qabul qila boshlagan. Kelgusi yilda uning arzonroq muqobillari paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq moliyalashtirish yetarli bo‘lmasa, yangi dori vositalaridan foydalanish imkoniyati ham cheklanishi mumkin. UNAIDS hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘ylab qariyb 41 million kishi OIV bilan yashagan, yil davomida yana 1,2 million kishi infeksiyani yuqtirgan.








