Ukrainadagi urush: Rossiya safida 7 mingga yaqin chet ellik halok bo‘ldi, ularning 60 foizga yaqini Markaziy Osiyodan
Joriy yilning noyabr oyi boshlarida kiberguruhlar Rossiya davlat statistika xizmati — Rosstat ma’lumotlar bazasiga buzib kirib, vafot etganlar reyestrini ommaviy axborot vositalariga taqdim etdi. Idora hakerlik hujumi yuz berganini tan olgan bo‘lsa-da, ma’lumotlar tarqalib ketganini inkor qildi.

Media manbalarning qayd etishicha, 2026-yil sentabr oyining oxiriga qadar Ukraina hududidagi janglarda kamida 490 334 nafar rossiyalik harbiy xizmatchining o‘limi rasman qayd etilgan. O‘lim holatlarini ro‘yxatga olishdagi kechikishlar inobatga olinsa, umumiy yo‘qotishlar 700 mingdan oshishi taxmin qilinmoqda.
Chet ellik jangchilar asosan to‘qnashuvlar eng shiddatli tus olgan nuqtalarda jon bergan. “Dosye” ma’lumotlariga ko‘ra, barcha qaydlarning 63 foizi, ya’ni 4375 ta holat Donetsk viloyatida kuzatilgan. Xorijliklar orasidagi eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichi 2025-yilning kuz fasliga to‘g‘ri kelib, o‘sha davrda har oyda o‘rtacha 390 ta o‘lim holati ro‘yxatga olingan.
Ushbu yo‘qotishlarning asl ko‘lamini armiyaga yollanganlar statistikasi yaqqol namoyon etadi. Ukrainaning “Xochu jit” davlat loyihasi taqdim etgan raqamlarga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga Markaziy Osiyoning 20,4 mingdan ziyod fuqarosi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. Ularning 8,2 mingdan ortig‘ini, ya’ni 40 foizini o‘zbekistonliklar tashkil etadi. Loyiha tahlillariga ko‘ra, yollanish sur’ati tobora tezlashmoqda: xususan, 2024-yilda 1446 nafar, 2025-yilda esa 3487 nafar O‘zbekiston fuqarosi harbiy xizmatga jalb qilingan.
Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi va uning hamkorlari 2026-yil aprel oyida e’lon qilgan hisobotda ta’kidlanishicha, 2022-yil fevralidan buyon Rossiya 130 dan ortiq mamlakatdan kamida 27 ming nafar xorijlikni urushga yollagan. Hisobot mualliflarining qayd etishicha, ularning aksariyati jangovar hududga yo‘l olayotganini anglagan holda, o‘z vatanidagidan bir necha barobar yuqori maosh va Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritish ilinjida bunga rozi bo‘lgan. Qolgan qismi esa aldov yo‘li bilan yoki majburiy tartibda urushga jalb etilgan.








