
Hujjatda qayd etilishicha, 2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni, shu jumladan, Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu taklif Adliya, Moliya, AKT va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari tomonidan ilgari surilgan.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab:
– chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
– O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi;
– litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlarida milliy valyutada belgilangan to‘lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi (qonunchilik hujjatlarida to‘lovlar belgilanmagan yoki BHMning 10 foizidan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno). Bunda, QR-kod qo‘yilgan litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatlarini berish uchun to‘lov undirilmaydi.


