1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Dollar tushdi. Nega narxlar tushmayapti?

O‘zbekistonda bir necha oydan buyon dollar kursi ketma-ket tushishda davom etmoqda. Lekin nega narx-navolar tushmayapti? Iqtisodchi buning sababini aytdi.

Dollar tushdi. Nega narxlar tushmayapti?

So‘nggi vaqtlarda xalqaro iqtisodda dollar narxining tushib, oltin narxining oshayotgani kuzatilmoqda. Xo‘sh, bunday sharoitda nega bozordagi tovarlar narxi tushmayapti? O‘zbek so‘mining mustahkamlanayotgani dollar kursining pasayishiga qanchalik bog‘liq? Zamon.uz shu kabi savollarga iqtisodchi Valijon To‘raqulovdan javob oldi.

 

Iqtisodchining aytishicha, AQShda Tramp siyosati sababli oltin narxi o‘sishda davom etmoqda. Dollar kursining tushishi hamda oltin narxining qimmatlashishi odatiy holat hisoblanadi. Istalgan iqtisodiy inqirozlar yoki bir noaniqlik yuzaga kelgan paytda investorlar o‘z pullarini oltinda saqlab qo‘yadi. Natijada oltin narxi oshib ketadi. O‘zbekiston esa bu vaziyatdan yaxshi foydalanmoqda.

 

“O‘zbekiston yil boshidan buyon dollarni ko‘proq jalb qilish maqsadida, adashmasam, 29–30 foizga oltin eksportini oshirgan. Mantiqan olganda, bu juda ham to‘g‘ri ishlaydi. Odatda, qaysidir mahsulot kam bo‘lsa, uning narxi ko‘tariladi. O‘zbekistonga esa dollarlarning kirib kelishi oshmoqda. Massa oshganidan keyin dollar kursi tushadi. Mana shunday vaziyatda ayrim holatlar sodir bo‘ladi. Ulardan biri — oltin sotayotganimizda bizda ko‘proq pul bo‘ladi va shu pulni xalq qo‘liga chiqarayapmiz. Endi xalqda pul ko‘paygani sayin ular ko‘proq xarid qila boshlaydi. Ko‘proq xarid bo‘lgach, mamlakatda inflyatsiya yuzaga keladi”, — dedi To‘raqulov.

 

Unga ko‘ra, mana shu dollar tushumlarini iqtisodning o‘ziga darhol tikish kerak emas. Uni Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armalariga yig‘ib borish lozim. Keyinchalik oltin narxi yana pasaygan vaqtida shu mablag‘lardan foydalanish kerak.

 

Xo‘sh, dollar tushayotgan bo‘lsa, nega narxlar tushmayapti?

 

Valijon To‘raqulovga ko‘ra, bu savolning javobi bir nechta omilga bog‘liq:

 

Birinchidan, chetdan keltirilayotgan tovarlar dollar bilan sotib olinadi.

 

Ikkinchidan, mamlakatda inflyatsiya ma’lum darajada oshib bormoqda.

 

Uchinchidan, iqtisodda “sticky price” degan tushuncha bor. Ya’ni, mahsulot narxi bir marta ko‘tarilgach, uning tushishi juda qiyin bo‘ladi, agar bunga jiddiy sabab bo‘lmasa.

 

“Endi ‘dollar tushyapti, ular ham tushadimi?’ deyilsa, o‘sha ‘sticky price’ mantig‘iga ko‘ra — yo‘q. Narxlarning tushishi juda uzoq muddatda sodir bo‘ladi, uzoq istiqbolda ro‘y beradigan jarayondir”, — dedi iqtisodchi.

 

Dollar narxining tushishi so‘mni mustahkamlamayaptimi?

 

Iqtisodchi fikricha, kuchli iqtisodiyotga ega davlatlarning valyutasi ham kuchli bo‘ladi. Bu yerda Xitoy valyutasining qadri so‘nggi vaqtlarda oshmoqda. Bu ikki jarayon o‘zaro bog‘liq paradoksal holat: valyutani mustahkamlash uchun iqtisodni kuchaytirish kerak, valyuta mustahkamlanganda esa iqtisodning o‘zi mustahkamlanadi.

 

“O‘zbekistonda 2018–2019-bazaviy yillarga nisbatan so‘m 10–15 foizga mustahkamlandi. Bunga sabab: birinchidan — ko‘p dollar kirib kelishi, ikkinchidan — global siyosiy jarayonlar. Tramp siyosati sababli dollar qiymati faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda ma’lum darajada pasaydi. Dollar tushayotgan paytda so‘m mustahkamlandi. Chunki oltin eksporti oshgani sababli mamlakatga ko‘proq dollar kirib keldi. Natijada dollar kursi pasayishni boshladi. Shundan so‘ng so‘m 10–15 foizgacha mustahkamlanishga erishdi”, — deya qo‘shimcha qildi To‘raqulov.

 

Uning aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti ma’lum jihatdan yaxshilanmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari ichida O‘zbekiston iqtisodi o‘sish bo‘yicha yetti foizdan yuqori ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda.

 

Shuningdek, so‘nggi uch chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,9–7 foiz atrofida o‘sdi.

 

“O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi qisman oltin eksporti bo‘yicha ko‘proq daromadlar hisobiga ham bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Biroq tan olish kerak, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat migrantlaridan kelayotgan pul o‘tkazmalari ham barqaror tarzda oshdi. Bu ham iqtisodiy o‘sishga ma’lum darajada turtki bo‘layapti”, — dedi iqtisodchi.

 

Unga ko‘ra, odamlarning daromadi oshgani sayin ularning yalpi talabi ham ortadi. Talab oshganda hukumat iqtisodiyotni “sovutib turishi” kerak. Aks holda, iqtisodiyot ortiqcha qizib ketib, “mashina kabi buzilish” xavfi yuzaga keladi. Aholi ortiqcha sarf-xarajatga o‘ta boshlasa, inflyatsiya kuchayadi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика