AQSh prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni 2026-yilda Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga mehmon sifatida taklif qilishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u har ikki davlat rahbari bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbatlar davomida davom etayotgan xalqaro mojarolarda tinchlikka erishish masalalari, shuningdek, AQSh bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilingan. AQSh prezidenti ikki tomonlama munosabatlarni “juda yaxshi” deya baholagan.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilda Qo‘shma Shtatlar G20 sammitiga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan Donald Tramp Markaziy Osiyoning ikki yetakchi davlati rahbarlarini ushbu nufuzli xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun Mayamiga taklif etishini ta’kidlagan. Bu taklif mintaqaning xalqaro maydondagi roliga berilayotgan e’tibor sifatida baholanmoqda.


