
Uning oydin orzulari, go‘zal niyatlari bor edi. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, bu orzu- havas va niyatlarni qo‘shni yigit barbod qildi. Albatta, yigit jazosini oldi, biroq bu vaqt orasida Kamola aynan undan farzandli bo‘ldi.
Ammo Kamolaning hayotidagi bu chigalliklar shu bilan tugamadi, aksincha ular yana-da chigallashib, boshqa muammolarni ham yuzaga keltirdi. Angrenlik Kamolaxon Boltayeva boshina tushgan savdolarni so‘zlab berdi.
-Men o‘sha yigit bilan qo‘shni edim. Biz sevishdik. Menga sovchi qo‘ydi, ammo ota-onam biror kasbning boshini ushlamagan, hech qayerda ishlamaydi deb sovchilarni qaytarishdi. Biz u bilan yashirincha uchrashishda davom etdik. Bu orada u o‘g‘rilik qilib qamaldi. Bir oy o‘tgach homiladorligimni bildim. Qizim ota- onam uyida tug‘ildi. Bolam 6 oylik bo‘lganda meni boshqa bir erkakka turmushga uzatishdi. Qaynotam Angrendan bir xonali uy olib berdi. Birin -ketin farzandlarim tug‘ildi. Havas qilgudek oila edik. Kutilmaganda turmush o‘rtog‘im boshqa ishga o‘tdi va kunora ichib keladigan odat chiqardi. Oyoqda turolmaydigan darajada ichib kelib uyda janjal ko‘taradigan bo‘ldi. Bir kuni tunda uyimizga Qodir degan yigit bilan kelib boshi ko‘p og‘riyotgani sabab tabibga ko‘rinib kelishi uchun Samarqandga uch kunda ketayotganini aytdi. Oradan bir xafta o‘tdi, ammo erim kelmadi. Keyin tunda mast holda Qodir degan kelib gapi borligini, eshikni ochishimni aytdi. Men ishonib, eshikni ochdim. Eshikni ochganimni bilaman u uyimga bostirib kirdi. Erim unga qimorda 200 dollar yutqazib qo‘yganini, evaziga uy -joy, farzandlarim va meni topshirganini aytdi. Avvaliga ishonmadim. Keyin janjal ko‘tardim ichki ishlar xodimlarini chaqirdim. Onam kelib qizlik uyimga olib ketdi. Bir necha oylardan keyin turmush o‘rtog‘im onamning uyiga keldi. Xamma narsa mastlikda bo‘lganini aytib kechirib so‘radi. Shuncha vaqt ichida qayerda yurganini so‘raganimizda qimorda yutqazgan qarzini to‘lash uchun Rossiyaga ishlagani ketganini aytdi.
Erimni kechirdim, yana birga yashashni davom ettirdim. Chunki ikkinchi turmushim edi. Bundan ham ajrashsam odamlar ayb o‘zida ekan deb gap -so‘z qilishlaridan qo‘rqdim. Farzandim to‘rtta bo‘ldi. Bir xonali uy torlik qilib, 2 xonali uyga alishtirishga kelishdik. Makler topdik,uyni sotib, pulini erimga berdim. Evaziga 2 xonali yangi uy oldik va ko‘chib o‘tdik. Ikki kun o‘tgach erim topgan makler uyni bizdan avval boshqa odamga sotgani maʼlum bo‘ldi. Bizni yangi uyning haqiqiy egasi haydab chiqardi. Makler ayol esa uy uchun pul bermaganlaring uchun uyni boshqa odamga sotdim, dedi. Ketma -ket kelgan zarbalardan menda yashash istagi so‘na boshladi. Ammo bolalarim uchun o‘zimni qo‘lga olishga harakat qildim.
Inobat Rayimqulova, Angren shahar “Obod” MFY raisi o‘rinbosari:
Kamola turmush o‘rtog‘i bilan bir xonalik uyda yashadi. Keyin 2 xonali uyga ko‘chib o‘tishdi. Keyinroq eri bilan kelisholmadi va onasinikiga ketdi. Oradan to‘rt yil o‘tib yana qaytib keldi. Biz qo‘ldan kelgancha yordam berdik. Eri bilan yarashtirishga xarakat qildik. Lekin eri Bunyod boshqa ayol bilan yashayotganini maʼlum qildi.
Biz ijodiy jamoamiz bilan Kamolaning turmush o‘rtog‘ini topish maqsadida mahalla faollari bergan manzil bo‘yicha izlabAngren shahriga bordik. Bunyod Bo‘tayev hozirda boshqa ayol bilan tinch yashayotganini, oilasiga qaytmasligi, yarashish istagi yo‘qligini bildirdi.
-Kamolaning men xaqimda aytgan 80 foizi gapi yolg‘on. Bir xonali uyni birga sotdik. Pulni uning qo‘liga berganman, o‘zi yo‘q qildi. Farzandlarim sarson bo‘ldi, bir qarasa kelib menga tashlab ketadi, bir qarasa o‘zi bilan olib ketadi. Doim janjal qilib ichki ishlar xodimlarini chaqiradi. Bu ayol nima xohlayotganini o‘zi ham bilmaydi.
Hozirda men o‘zim boshlang‘ich to‘lov qilib kreditga uy oldim. Yangi oila qurdim hamma narsani noldan boshladim. Kreditni o‘zim sekin-asta to‘layapman.
-Farzandlaringiz kimda?
Farzandlar ota- onamning uyida edi. Yaqinda Kamola janjal qilib olib ketdi.Orada opam ham bolalarimga qaradi.
Bir xonali uyimiz sotilganda Kamola pulni menga berganini aytibdi. Bu gapi yolg‘on, menga uyning pulini bermagan.
-Ayolingizni qimorga ayolizni tikkaningiz rostmi?
-Yo‘q, men ayolimni yaxshi ko‘rganman, hech qachon bunday qilmagan bo‘lar edim. Tunda kelgan erkak deb aytgan yigit mening shogirdim. U tunda kelmagan, aksincha, kunduzi kelgan. Uydan, bolalarimdan xabar ol deb, men iltimos qilgan edim.
-Uch kunga Samarqandga borib kelaman deb uydan chiqib ketganingiz rostmi?
-Bu ham yolg‘on, Rossiyaga ketishimni hamma bilardi, farzandlarim bilan xayrlashib ketganman.
Rossiyadan kelib samarqandlik ayolga uylandim. Axir, boshqa ilojim ham yo‘q edi. Farzandlarimni menga tashlab ketdi, ularga yaxshi qarashim uchun ayol kishi kerak. Shu sababli uylandim. Menda Kamolaning tilxati ham bor. Unda Kamola 4 ta farzandni boqolmagani uchun tashlab ketayotgani aytilgan.
Nodir Suyunova, qo‘shni ayol
Men Bunyod va Kamolaga qo‘shni bo‘lganman. Bunyod Rossiyaga ketishidan oldin hamma bilan xayrlashib ketgan. Kamola o‘zi uni kuzatib qo‘ygani yodimda. Bunyod Rossiyaga Kamolaning dadasini oldiga ketgan. Shu sabab Kamolaning bilmasligi mumkin emas edi. Kamola bolalarini Bunyodga tashlab ketgan. Shunda Bunyod bir o‘zi bolalar bilan qiynalib qolgan va Umida ismli samarqandlik ayolga uylangan.
“Nima uchun farzandlaringizni eringizga tashlab ketdingiz, nima uchun Rossiyada ekanligi bilmadim deb aytdingiz? Nega yolg‘on gapirdingiz. Bu yolg‘on gaplardan maqsad nima edi?”-degan savolar bilan biz telefon orqali Kamolga murojaat qildik. Ammo Kamola javob berishni istamadi.
Biz ijodiy jamoamiz bilan Kamolaning yaqinlaridan ham surishtirdik. Maʼlum bo‘lishicha, Kamola va Bunyod o‘zaro janjallardan so‘ng qonuniy ajrashishgan. Kamola erini alimentga bergan. Bu orada Bunyod aliment summasini ancha vaqt to‘lamay yurgan. So‘ng Kamola yana qayta sudga bergan. Sud qarori asosida chiqarib berilgan 2 million qarzdorlikni Bunyod to‘lay olmasligi aytib, evasiga o‘zaro kelishuv bo‘lgan. Kamola farzandlarini Bunyodning opasiga 2 milion sumning o‘rniga qarab berish sharti bilan tashlab, o‘zi ham Rossiyaga ketgan.
Xalqimizda birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukur qil, degan naql bor. Bugun bir oilaning mojarosini ko‘rsatdik, ular tomonidan xaqiqat deb aytilgan gaplar bir- biriga zid. Bunday oilalar esa jamiyatimizda afsuski, bor.Erkak oilaning boshi bo‘lish kerak. Boshni yo‘lsa solish esa ayol kishidan katta mahorat talab etiladi. Bu mahorat esa bu oilaning na erkagida, na ayolida bor. Shu sabab oila barbod bo‘ldi. O‘rtadagi to‘rt nafar voyaga yetmagan bolalar esa sarson. Ota-ona tirik bo‘la turib bolalar qarindoshlarining qo‘lida yashasa, bu bolalar uchun eng katta aziyatdir. Xulosa esa o‘zingizdan.
Munojat Valiyeva


