AQSH Federal Qidiruv Byurosi (FQB) Providens shahrida joylashgan Braun universitetida sodir etilgan otishma bilan bog‘liq jinoyatni amalga oshirgan shaxsning shaxsini aniqlash va uni hibsga olishga yordam beradigan maʼlumot uchun 50 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli eʼlon qildi. Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.
FQB vakili Ted Doksning maʼlum qilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumondorning aniqlanishi, qo‘lga olinishi va unga nisbatan rasmiy ayblov eʼlon qilinishiga olib keladigan har qanday ishonchli axborotni yuqori baholaydi.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari tomonidan gumon qilinayotgan shaxsning yangi videokuzatuv kameralari tasvirlari jamoatchilikka taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13 dekabr kuni kechqurun Braun universiteti hududida nomaʼlum qurolli shaxs tomonidan o‘q uzilgan. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi, talaba Muhammadaziz Umurzoqov ham borligi tasdiqlangan.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp otishma sodir etgan shaxs qo‘lga olinganini maʼlum qilgan edi. Biroq keyinchalik bu axborot rasman rad etildi.
Dastlab huquqni muhofaza qilish organlari snayperlar tayyorlash bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlardan o‘tgan AQSHning sobiq harbiy xizmatchisi Benjamin Eriksonning hibsga olingani haqida xabar bergan. Ammo tergov jarayonida dalillar yetarli emasligi sababli u ozod etildi.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, huquqni muhofaza qilish organlari jamoatchilikni faol hamkorlikka chaqirmoqda.


