Grenlandiya bosh vaziri Yens Frederik Nilsen AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan yangragan anneksiya haqidagi navbatdagi bayonotlarga qat’iy javob qaytardi. U Grenlandiya hukumatining bunday bosim va ishoralarni qabul qilmasligini ta’kidlab, “Yetar endi” deya bayonot berdi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya ochiq muloqot tarafdori, biroq bu jarayon xalqaro huquq va o‘zaro hurmat asosida olib borilishi shart. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Nilsen Facebook’dagi sahifasida AQSh tomoni tomonidan yangrayotgan bayonotlarni “anneksiya haqidagi xomxayollar” deb atadi. U Grenlandiya na sotilishini, na bosim ostida qaror qabul qilishini bildirdi. “Biz muhokamaga tayyormiz, ammo bu faqat rasmiy kanallar orqali va xalqaro qonunlarga amal qilgan holda bo‘lishi kerak”, — dedi u.
Trampning so‘nggi chiqishlari AQShning Venesuelada amalga oshirgan harbiy amaliyotidan so‘ng yangradi. Mazkur holat Yevropa va Arktika mintaqasidagi davlatlarda xavotir uyg‘otdi. Tramp Grenlandiyani AQSh milliy xavfsizligi uchun zarur hudud deb atab, Daniya orol xavfsizligini ta’minlay olmayotganini iddao qildi.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen ham bu bayonotlarga javoban AQShni tarixiy ittifoqchiga bosim o‘tkazmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Grenlandiya Daniya Qirolligi tarkibidagi avtonom hudud bo‘lib, NATO a’zosi hisoblanadi va alyansning xavfsizlik kafolatlari bilan himoyalangan. Yevropa Ittifoqi yetakchilari ham hududiy yaxlitlik va suverenitet xalqaro huquqning ajralmas tamoyili ekanini yana bir bor eslatdi.
Shu bilan birga, Grenlandiya hukumati aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi. “Bizning kelajagimiz ijtimoiy tarmoqlardagi postlar bilan hal etilmaydi”, — dedi Nilsen. U Grenlandiya xalqining taqdiri faqat o‘sha yerda yashovchi odamlar tomonidan belgilanishini alohida urg‘uladi.


