Parij politsiyasi Luvr muzeyida sodir bo‘lgan yirik o‘g‘irlik ishi doirasida ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Bu haqda “Le Figaro” nashri xabar berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ma’lum qilishicha, 25-oktabr kuni gumonlanuvchilardan biri Sharl de Goll aeroportida Jazoirga uchmoqchi bo‘lganida ushlangan. Ikkinchi shaxs esa Parijning Sen-Sent-Deni tumanida qo‘lga olingan.
Har ikki kishi uyushgan holda jinoyat sodir etish va til biriktirishda ayblanib, qamoqqa olingan. Shu bilan birga, o‘g‘irlangan qimmatbaho fransuz toj taqinchoqlari hanuz topilmagan.
Parij prokurori Laura Bekko tergov davomida jinoyat joyidan 150 dan ortiq DNK izlari va boshqa dalillar topilganini ma’lum qildi. Videokuzatuv yozuvlari yordamida jinoyatchilarning harakat yo‘nalishi aniqlangan.
“The Telegraph” nashriga ko‘ra, tergov doirasida muzey qo‘riqchilaridan biri ham gumon ostiga olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u jinoyatchilarga Luvrning xavfsizlik tizimi haqidagi maxfiy ma’lumotlarni yetkazgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda, qolgan gumonlanuvchilar va o‘g‘irlangan buyumlarni aniqlash bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.


