Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan viloyat, tuman va shahar hokimliklarida hujjatlarning ochiqligi holati o‘rganilib, 386 ta hujjat asossiz ravishda “faqat rasmiy foydalanish uchun” (DRU) belgisi bilan maxfiylashtirilgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan mablag‘ ajratish, kadrlarni lavozimga tayinlash va boshqa muhim boshqaruv qarorlari noqonuniy ravishda jamoatchilikdan yashirilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mazkur hujjatlar ochiq e’lon qilinishi lozim.
Agentlik tomonidan “E-qaror” axborot tizimi monitoringi davomida jami 1 907 ta maxfiy ma’muriy qaror tahlil qilinib, ularning har beshtadan bittasi qonuniy asoslarsiz maxfiylashtirilgani aniqlangan.
Aniqlangan hujjatlar quyidagi yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi:
- 156 ta — lavozimlarga tayinlash bo‘yicha;
- 68 ta — tashkiliy tuzilmalarni tasdiqlash haqida;
- 46 ta — byudjet mablag‘larini taqsimlashga doir;
- 34 ta — rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha;
- 82 ta — boshqa turdagi qarorlar.
Shaffoflik bo‘yicha eng salbiy holat Farg‘ona viloyatida qayd etilib, bu yerda qabul qilingan hujjatlarning 44 foizi yashirilgan. Shuningdek, Xorazm (39 foiz), Buxoro (37 foiz), Qashqadaryo (26 foiz) va Samarqand (15 foiz) viloyatlarida ham kamchiliklar aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va bir qator viloyat hokimliklariga 68 ta hujjatni zudlik bilan e’lon qilish, shuningdek, mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan choralar ko‘rish talabi bilan rasmiy bildirishnomalar yuborildi.
Qolgan hujjatlar hozirda o‘rganilmoqda va ularning har biri bo‘yicha qonuniy qarorlar qabul qilinishi ma’lum qilindi.


