1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Mo‘g‘ulistonda Bosh vazir iste’foga chiqarildi

Vazirning iste’foga chiqishiga uning o‘g‘li sabab bo'lgan.

Mo‘g‘ulistonda Bosh vazir iste’foga chiqarildi

Mo‘g‘uliston parlamenti Bosh vazir Luvsannamsrayn Oyuun-Erdeneni iste’foga chiqardi. Hukumatga ishonch bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish natijasida u 44 ta ovoz oldi, biroq lavozimni saqlab qolish uchun kamida 64 ta ovoz kerak edi. Parlament tarkibida jami 126 nafar deputat bor.

 

Bosh vazirning iste’fosiga uning 23 yoshli o‘g‘li Temuulen va kelini Uguumur sabab bo‘ldi. May oyida Uguumurga tegishli Instagram sahifasidagi suratlar butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Suratlarda u 5 ming dollardan ortiq turadigan libosda, 50 ming dollarlik avtomobil boshqaruvida, 5 ming dollarlik sumka ko‘tarib, qimmatbaho do‘konlardan xarid qilgan paketlar bilan, hashamatli uzuk taqqan va vertolyotda sayr qilayotgan holatda tasvirlangan. Hozirda bu suratlar o‘chirib tashlangan.

 

Inflyatsiya ortib borayotgan, aholi turmush darajasi pasayib borayotgan bir paytda bunday suratlar jamiyatda katta norozilikka sabab bo‘ldi. Bu esa Ulan-Bator markazidagi Suxe-Bator maydonida va Hukumat saroyi oldida norozilik namoyishlariga olib keldi. Namoyishchilarning asosiy shiori: “Iste’fo — bu oddiy narsa” bo‘ldi.

 

Norozilar Temuulenning hech qanday rasmiy daromad manbai yo‘qligini ta’kidlab, uning dabdabali xarajatlarini Bosh vazir moliyalashtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu holat nafaqat Oyuun-Erdenening “xalq ichidan chiqqan inson” degan imijiga zid, balki noqonuniy boylik orttirgan bo‘lishi mumkinligi haqida shubhalarni kuchaytirdi.

 

Eslatib o‘tamiz, Oyuun-Erdene oddiy oiladan chiqqan va butun faoliyati davlat xizmatlari va partiya ishlari bilan bog‘liq. Uning rasmiy maoshi o‘g‘li va kelini namoyish qilgan darajadagi hashamatli hayotni ta’minlash uchun yetarli emas.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика