Majburiy ijro byurosi Uychi tumani bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududiga belgilangan tartib-taomillarga zid ravishda olib kirilgan va vakolatli organlar tomonidan aniqlanib, to‘xtatib qolingan tamaki mahsulotlari qonun hujjatlari talablari asosida yo‘q qilindi.
Jumladan, umumiy qiymati 32 500 000 so‘mni tashkil etuvchi MILANO tamaki mahsulotlari tegishli vakolatli organlar aʼzolari ishtirokida, belgilangan sanitariya va xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda yoqish usulida yo‘q qilindi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ravishda amalga oshirilib, noqonuniy muomalada bo‘lgan tovarlarning yo‘q qilinishi orqali iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratildi.
Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan ijro hujjatlarining o‘z vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash, noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurashish, shuningdek, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.


