Namangan viloyatining Chortoq tumanida erini farzandlari ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqida “Daryo” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 1989-yilda tug‘ilgan S. 2009 yilda N. ismli yigit bilan oila qurgan. O‘n to‘rt yillik turmush davomida ular uch nafar farzandni dunyoga keltirgan.
S. Telegram messenjeri orqali E., M. va S. ismli erkaklar bilan tanishib, ular bilan yashirincha yozishib yuradi.
Joriy yilning 28 fevral tungi soat 2:30 larda N. S. ning telefoniga kelgan «SMS»dan uyg‘onib ketadi. Telefonni ochib ko‘rganida, u yerda begona erkaklarning xotiniga yozilgan xabarlariga ko‘zi tushadi. Bundan g‘azablangan N. turmush o‘rtog‘ini uyg‘otib, xabarlar bo‘yicha izoh so‘raydi. Ikkisining o‘rtasida yuzaga kelgan janjal oqibatida farzandlari uyg‘onib, ota-onasini yumshatishga urinishadi.
Biroq g‘azabdan tushmagan N. xotini bilan ajrashishini, begona erkaklar bilan yozishganini qarindoshlariga aytishini va uydan haydashini bildiradi. S. qarindosh-urug‘lar ichida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, xonadon tokchasida turgan oshxona pichog‘ini oladi va farzandlarining ko‘z o‘ngida turmush o‘rtog‘ining qorni, ko‘kragi va orqa qismlariga sanchib oladi. N. ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida voqea joyida halok bo‘ladi. Onasining qo‘lidan pichoqni tortib olishga uringan farzandlardan biri ham jarohat oladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudining hukmi bilan S.T. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «j» bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


