1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Namanganda “Eshon” laqabli ko‘cha bezorisi qo‘lga olindi

Ilgari ham sudlangan shaxs “ko‘cha ishlarini hal qilaman” deb tovlamachilik va bezorilik bilan shug‘ullangan.

Namanganda “Eshon” laqabli ko‘cha bezorisi qo‘lga olindi

Namangan shahrida fuqarolarga bosim o‘tkazish, tovlamachilik va bezorilik bilan shug‘ullanib kelgan “Eshon” laqabli shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olingan shaxs 28 yoshli Bahriddin Nasriddinov bo‘lib, u ilgari Jinoyat kodeksining 277-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari, 168-moddasi to‘rtinchi qismi hamda 228-moddasi uchinchi qismi bilan sudlangan.

 

Shunga qaramay, u jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni atrofiga to‘plab, ular bilan til biriktirgan holda Namangan shahrida tovlamachilik va bezorilik holatlarini sodir etib kelgan. Gumonlanuvchi fuqarolar o‘rtasidagi pul oldi-berdi masalalarini kuch ishlatish orqali “hal qilib berish”ni va’da qilib, noqonuniy daromad orttirgan.

 

Tergov materiallariga ko‘ra, Bahriddin Nasriddinov jinoiy sheriklari bilan birgalikda tanishini Namangan shahridagi “Barkamol avlod” mahallasi hududiga chaqirgan. Uni “ko‘cha ishlarida ishtirok etmaslik” va chaqirilgan vaqtda kelmaslik kabi bahonalar bilan ayblab, o‘tkir kesuvchi jism yordamida urib, tan jarohati yetkazgan.

 

Viloyat sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining chap yelka qismida kesilgan va sanchilgan jarohatlar aniqlangan. Aniqlanishicha, gumonlanuvchi o‘zini “Eshon” laqabi bilan tanitib, go‘yoki “ko‘cha masalalarini hal qiluvchi shaxs” sifatida tanilgan va shu yo‘l bilan fuqarolarga bosim o‘tkazib kelgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Bahriddin Nasriddinov protsessual tartibda ushlangan. Namangan shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика