
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 avgust kuni Mingbuloq tumani Gurtepa mahallasida yashovchi 10 yoshli S. ko‘chaga o‘ynagani chiqib ketib, uyiga qaytib kelmagan. Bundan xavotirga tushgan bobosi uni izlaydi. Oqibatda, o‘zlari istiqomat qiladigan mahalladan oqib o‘tuvchi Ohunboboyev kanali qirg‘og‘idan nabirasining kiyimlari va velosipedini topib oladi.

Taxminlarga ko‘ra, bola kanalga cho‘milishga tushgan va qaytib chiqmagan. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan tezkor-qidiruv ishlari natijasida bir kunda bolaning jasadi kanalga tushgan joyidan 25 km uzoqlikdan topildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda o‘zini kanalga tashlagan qizning chirigan jasadi topilgani hamda Farg‘onada eri bilan janjallashib qolgan 22 yoshli ayol o‘zini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab, cho‘kib ketgani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova


