Mazkur qonunning 12-moddasida umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqi belgilangan.
Shuningdek, bir guruh imtiyozli fuqarolar (oxirgi ish joyidan qatʼi nazar) qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirib nafaqaga chiqish huquqiga egadir. Jumladan, nogiron farzandlari bo‘lgan onalar ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa — ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya yoshini 5 yilga qisqartirishi mumkin. Bundan tashqari, agar ayol o‘gay o‘g‘il yoki o‘gay qizni 8 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, pensiya tayinlanayotganda ular ham ayolning haqiqiy farzandlari hisobiga kiradi.
Agar imkoniyati cheklangan 8 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayol 5 yilga qisqartirish imtiyozidan foydalangan holda nafaqa olish uchun ariza topshirmoqchi bo‘lsa, unda ayol farzandining nogironligini tasdiqlaydigan bir nechta hujjatlarni ilova tarzida taqdim qilishi lozim. Bola 8 yoshgacha imkoniyati cheklangan deb eʼtirof etilishini tasdiqlovchi TMK tomonidan berilgan tibbiyot xulosasi yoki nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan kasallik bo‘yicha davolash-profilaktika muassasasida hisobda turganlik to‘g‘risidagi maʼlumotnoma ana shular jumlasiga kiradi.
Bundan tashqari, nogiron bolaning onasi sifatida pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan ayol uchun yoshga doir imtiyozli pensiya tayinlashda pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga har qanday ish staji qo‘shib beriladi. Xodima mazkur faoliyat turlarini davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan bo‘lishi lozim. Bu jarayonda “mulkchilik” yoki “xo‘jalik yuritish shakllari” degan yo‘nalishlarga ajratilmaydi.
I guruh nogironini yoki 16 yoshgacha nogiron bolani parvarishlagan, shuningdek, o‘zgalarning yordamiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish staji hisoblanadi va u faqat qarab turgan hamda qarovga muhtoj bo‘lgan fuqaro bilan birgalikda yashagan shaxslardan biriga qo‘shib beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, nogiron bolaning onasida sug‘urtalangan haqiqiy ish staji 7 yildan kam bo‘lsa yoki nogiron bolaga qarab turgan davri bilan birgalikda hisoblanganda umumiy ish staji 20 yilni tashkil qilmagan taqdirda, ularning ijtimoiy himoyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 107-son qarori 2-ilovasiga binoan nogiron farzandi bor (bo‘lgan) onalarga — 55 yoshga yetganlarida yoshga doir ijtimoiy nafaqasi tayinlanadi. Bunda farzandining nogironligi davlat tibbiyot muassasasining tibbiy xulosasi yoki Tibbiy — ijtimoiy ekspert komissiyasining (TIYEK) nogironlik to‘g‘risidagi maʼlumotnomasi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Bunda nafaqa summasi pensiya uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarning nafaqasi miqdorida belgilanadi.
Bundan avval “Bolalar puli” bola soniga qarab qay tartibda belgilanishi hamda oktyabr oyida pensiya va nafaqalar qay tartibda berilishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


