1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Nyu-York tarixida ilk bor mer Qur’on bilan qasamyod qiladi

Zohran Mamdani 2026-yil 1-yanvar kuni rasman o‘z lavozimiga kirishadi.

Nyu-York tarixida ilk bor mer Qur’on bilan qasamyod qiladi

 

Nyu-York shahri tarixida ilk bor yangi saylangan mer Qur’on bilan qasamyod qiladi. 

 

Saylovlarda g‘alaba qozongan Zohran Mamdani 2026-yil 1-yanvar kuni rasman o‘z lavozimiga kirishadi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Mamdanidan avvalgi merlarning aksariyati lavozimga kirishish chog‘ida Injil bilan qasamyod qilgan. AQSh federal qonunchiligi hamda shtat va shahar konstitutsiyalariga ko‘ra, qasamyod marosimida diniy kitobdan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.

 

Saylovoldi kampaniyasi davomida Zohran Mamdani asosan yashash xarajatlarining yuqoriligi masalasiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga, u o‘zining musulmon e’tiqodini ochiq namoyon etib kelgan. 

 

Xususan, shahar bo‘ylab besh tumandagi masjidlarga tashrif buyurib, ilk bor ovoz berayotgan janubiy osiyolik va musulmon saylovchilarni faol ravishda safarbar etishga erishgan.

 

Saylovlardan so‘ng odatga ko‘ra o‘tish davri jamoasi shakllantirilishi kutilmoqda.

 

Ikki oydan kam vaqt ichida byudjeti qariyb 120 milliard dollarni tashkil etuvchi va 8,5 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan shahar boshqaruvi musulmon mer nazoratiga o‘tadi. 

 

AQSh OAVlariga ko‘ra, mamlakatning sobiq prezidenti Barak Obama Mamdaniga qo‘ng‘iroq qilib, uni g‘alaba bilan tabriklagan va qo‘llab-quvvatlagan.

 

Zohran Mamdani Ugandada tug‘ilgan bo‘lgani sababli AQSh prezidenti lavozimiga nomzod bo‘la olmaydi. U o‘zini “demokratik sotsialist” sifatida ta’riflab, arzon oziq-ovqat do‘konlarini tashkil etish, ayrim uy-joylar bo‘yicha ijara to‘lovlarini muzlatish hamda avtobus yo‘l haqini bekor qilish tashabbuslarini ilgari surmoqda.

 

Shahar saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, saylovchilarning ishtiroki 1969-yildan beri ilk bor 2 million kishidan oshgan. 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика