O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori asosida atmosfera havosi sifati va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar boshlandi. Endilikda dronlar yordamida Toshkent shahridagi qurilish obyektlari va ularning atrofidagi hududlarda ekologik me’yorlarga rioya qilinishini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kadastr agentligiga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali chang chiqarish, qurilish materiallarini noto‘g‘ri saqlash va sanitariya qoidalariga rioya qilinmaslik holatlarini aniqlash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, Atrof-muhit qo‘mitasi mahalliy va xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda mamlakatning eng ifloslangan hududlarini o‘rganish va ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha davlat buyurtmalarini amalga oshiradi. Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi esa tabiiy va antropogen manbalarni aniqlash hamda atmosfera havosi sifatini doimiy monitoring qilishni ta’minlaydi.
Dronlar yordamida Toshkent va unga tutash hududlarda qurilish maydonlarida ekologik talablar nazorat qilinadi. Bundan tashqari, shamol tezligini oshirish bo‘yicha konveksiya usullari, venturi effekti va konvergent usuli kabi ilmiy-innovatsion tadqiqot loyihalari ham davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladi.
Bu chora-tadbirlar mamlakatda havo sifati va atrof-muhitni muhofaza qilish monitoringini kuchaytirishga xizmat qiladi.


