So‘nggi yillarda aholiga va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida 120 turdagi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi, shuningdek, shuncha litsenziya raqamlashtirildi. Faqatgina 2024-yilda 16 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingan bo‘lib, bu tadbirkorlarga 350 milliard so‘m miqdorida xarajatlarni tejash imkonini berdi.
2026-yildan boshlab yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish rejalashtirilgan. Jumladan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistlar uchun axborot markazlari, transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi tadbirkorlar endilikda “xabardor qilish tartibi” asosida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartibini buzganlik uchun qo‘llaniladigan jarimalarda ham o‘zgarish kiritildi. Endilikda bunday holatlarda faqat korxona jarima to‘laydi, mansabdor shaxslarning javobgarligi esa boshqaruv organi tomonidan mustaqil belgilanadi.


