Parijdagi dunyoga mashhur Luvr muzeyida bugun ertalab yirik talonchilik holati yuz berdi. Fransiya madaniyat vaziri Rachida Dati bergan ma’lumotga ko‘ra, noma’lum shaxslar muzey ochilishidan oldin binoga bostirib kirgan va Napoleon davriga oid qimmatbaho zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketgan.
“Le Parisien” nashrining yozishicha, jinoyatchilar hozirda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan Sena daryosi tomonidagi fasaddan kirib, yuk liftidan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Apollon galereyasiga yetib borgan. Ular derazalarni sindirib, “Napoleon va imperator zargarlik kolleksiyasi”ga kiruvchi to‘qqizta buyumni olib chiqib ketgan.
Voqea joyiga politsiya va tergovchilar yetib kelgan. Muzey xavfsizlik nuqtai nazaridan butun kun davomida yopilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Madaniyat vaziri voqea joyiga borib, muzey ma’muriyati hamda huquq-tartibot idoralari vakillari bilan uchrashdi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, o‘g‘rilarni aniqlash va o‘g‘irlangan ashyolarning qiymatini baholash ishlari olib borilmoqda.


