O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-son Farmoni ijrosi doirasida respublika bo‘yicha 100 nafar tozalik posboni farzandlarining oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt to‘lovlari qoplab berildi. Ushbu mablag‘larning umumiy miqdori 916 mln 718 ming so‘mni tashkil etdi. Tashabbus Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirildi.
30-dekabr kuni Toshkent shahrida tanlov g‘oliblarining xonadonlariga tashrif buyurilib, farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplangani haqidagi maxsus sertifikatlar topshirildi. Tadbirda qo‘mita raisi maslahatchisi Lola Rahmanbayeva hamda agentlik direktori Sharifbek Hasanov ishtirok etdi. Uchrashuvlar Yangi yil bayrami arafasida o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan xodimlar uchun ramziy va ma’naviy ahamiyat kasb etdi.
Mazkur yordam “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi doirasida ko‘p yillar davomida sanitar tozalash va obodonlashtirish sohasida halol mehnat qilgan xodimlar orasidan tanlab olindi. Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi 514-son qarori asosida tashkil etildi. Jami 182 nafar nomzod ariza topshirgan bo‘lib, shaffof va adolatli baholash natijasida 100 nafar eng munosib ishtirokchi g‘olib deb topildi.
G‘oliblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan saralandi. Kontrakt to‘lovlari agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berildi. Ushbu tashabbus inson qadrini ulug‘lash, mehnatkash xodimlarni e’zozlash hamda ularning farzandlari uchun ta’lim orqali mustahkam kelajak yaratishga qaratilgan bo‘lib, amalda “ijtimoiy lift” tamoyilining yorqin ifodasi bo‘ldi.


