1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Putin “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi javobsiz qolmasligini aytdi

Ukraina Rossiyaning strategik aviatsiyasiga zarba berdi – Putin javob berishni va’da qildi.

Putin “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi javobsiz qolmasligini aytdi

 

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4-iyun kuni telefon orqali muloqot qilib, Ukrainadagi vaziyat hamda so‘nggi “O‘rgimchak to‘ri” nomli harbiy operatsiyani muhokama qilishdi. Suhbat taxminan bir soat-u o‘n besh daqiqa davom etgan.

 

Trampning so‘zlariga ko‘ra, suhbat ochiq va jiddiy ruhda o‘tgan, ammo haligacha tinchlikka olib keladigan natijaga erishilmagan. Unga ko‘ra, Putin yaqinda Rossiya aerodromlariga uyushtirilgan hujumga javoban chora ko‘rilishini qat’iy aytgan.

 

“Prezident Putin yaqinda aerodromlarga qilingan hujumga javob qaytarishi kerakligini juda qat’iy ta'kidladi” — dedi Tramp.

 

Uchrashuv davomida Erondagi vaziyat ham muhokama qilindi. Trampning aytishicha, u Putinga Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligini bildirgan va bu borada Rossiya bilan pozitsiyalari o‘xshash ekanini qo‘shimcha qilgan.

 

1-iyun kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiyaning beshta harbiy aviabazasiga qarshi puxta rejalashtirilgan operatsiyani amalga oshirdi. Hujumdan maqsad Rossiyaning strategik aviatsiyasi, xususan, qanotli raketa tashuvchilarini ishdan chiqarish edi.

 

Operatsiya bir yarim yildan ortiq tayyorgarlikdan so‘ng boshlangan. Uning doirasida Rossiya ichkarisida joylashgan yuk mashinalaridan uchirilgan 117 ta dron ishtirok etdi. Bu dronlar Rossiya hududining turli nuqtalaridagi strategik ob’ektlarga zarba bergan.

 

AQSH razvedkasi va G‘arb OAVlariga ko‘ra, zarbalar natijasida Rossiya kamida: 6 ta Tu-95 uzoq masofali bombardimonchi, 4 ta Tu-22M samolyoti va bir necha A-50 razvedka samolyotlarini yo‘qotgan.

 

Bu yo‘qotishlarning umumiy qiymati milliardlab dollarga baholanmoqda.

 

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu maxsus amaliyotni “noyob” deb atab, xavfsizlik xizmati xodimlariga minnatdorlik bildirgan. U, shuningdek, operatsiyaning asosiy boshqaruvi Rossiya hududida, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) binosi yonida joylashganini aytgan.

 

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi Rossiya-Ukraina urushida muhim burilish nuqtasiga aylanishi mumkin.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика