Joriy yilning mart oyida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi “Navro‘z” saylida gaz balloni portlagandi. Hodisa oqibatida yaqin atrofda bo‘lgan bir nechta fuqarolar turli tan jarohati olgan.
Oliy sud portalidagi sud hujjatiga ko‘ra, mazkur hodisada gaz ballonining portlashiga sabab bo‘lgan yigitga hukm o‘qilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan talaba yigit o‘sha kuni “Navro‘z” bayramida baliq pishirib sotish uchun o‘zi bilan birga gaz to‘ldirilgan gaz balloni olib borgan.
Profilaktika inspektori yigitga bir necha bor gaz ballonini aholi to‘planib turgan hududdan chetroqqa olish yoki yerga ko‘mishini aytgan. Ammo u ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga amal qilmasdan, gaz balloniga gaz plitasini o‘rnatib, undan foydalana boshlagan. Ko‘p o‘tmay gaz balloni portlab ketgan.
Hodisa oqibatida 7 kishi o‘rtacha og‘ir tan jarohati, yana 7 kishi esa og‘ir tan jarohati olgan. Shuningdek, bir nafar qiz tananing 80 foiz kuyishi oqibatida vafot etgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi yigit JKning 102-moddasining 1-qismi va 111-moddasining 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


