Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, yashirinib yurgan erkak divan tagidan topildi. Bu haqida MIB axborot xizmati Zamon.uz‘ga maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudining 2012 yildagi qaroriga asosan qarzdordan 1 nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun toki u voyaga yetgunga qadar yaʼni 18 yoshga to‘lguncha aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdor aliment pullarini o‘z vaqtida oyma-oy to‘lab borishi to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.
Ammo ijro hujjati talablari bajarilmagach, dastlab davlat ijrochisi tomonidan unga o‘z farzandining haqqini bermaganligi uchun ko‘riladigan qonuniy choralar to‘g‘risida huquqy tushuntirish bergan.
Ammo shunda ham qarzdor o‘z burchi va majburiyatini anglamasdan davlat ijrochilaridan yashirinishga uringan.
Shundan so‘ng xodimlar ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzilga uning yashash xonadoniga bir necha marotaba borsa hamki qarzdorni topish imkoni bo‘lmagan.
Shu sababli unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan. Byuroning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qidiruv shoʻbasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qarzdor topilgan.
“Kelgusida aliment pullarini undirish yoki unga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilishi taʼminlanadi”, deyiladi xabarda.


