Qatar Venesueladagi vaziyatdan chuqur xavotirda ekanini bildirdi va barcha tomonlarni o‘zini tutishga, keskinlikni oshirmaslikka hamda muloqotga chaqirdi. Shu bilan birga, Doha Qo‘shma Shtatlar va Venesuela o‘rtasidagi vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili doktor Majid al-Ansari seshanba kuni jurnalistlarga bildirib o‘tganidek, “Qatar ilgari Venesuela va AQSh o‘rtasida muvaffaqiyatli vositachi bo‘lgan va agar hukumatlar yordam so‘rasa, aloqa kanallaridan foydalanishga tayyor”.
U shuningdek, Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodrigesning 2025-yil aprel oyida Dohaga tashrifi va Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Jassim Ol-Taniy bilan uchrashuvi eslatildi. “Rodriges bilan ilgari vitse-prezident sifatida aloqa bo‘lgan, va Qatar bilan Venesuela o‘rtasidagi aloqa kanali ochiqligicha qolmoqda”, dedi doktor al-Ansari.
Qatarning bu bayonoti uning xalqaro mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishdagi diplomatik rolini va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga bo‘lgan sodiqligini ta’kidlaydi. “Venesueladagi vaziyat nafaqat o‘sha mamlakat bilan, balki butun mintaqaning barqarorligi bilan bog‘liq”, dedi u.
Bayonot shundan bir necha kun o‘tib yangradi-ki, AQSh harbiylari Karakasda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olib, ularni Nyu-Yorkdagi sudga olib kelgan. Ular giyohvand moddalar terrorizmi va AQShga kokain import qilishda ayblanmoqda, ammo aybini tan olishmagan. Yangi sud majlisi 17 martga belgilangan.


