Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda qimmatli qog‘ozlarni mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida joylashtirish, jumladan “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish rejalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trillion so‘mni tashkil etadi, biroq kapital bozorining YIMga nisbatan ulushi 20 foiz bo‘lib, bu jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past. Shu bois mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar va birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish taklif qilindi.
Shuningdek, “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirish, xorijiy qimmatli qog‘ozlar savdosiga ruxsat berish hamda mahalliy bank va kompaniyalarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarish imkonini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari kapital bozori va bank sektoridagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish va xalqaro investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.


