Fuqarolikdan voz kechish murakkab, ammo amalga oshirsa bo‘ladigan ish. Rossiya pasportidan voz kechish uchun quyidagi talablar qo‘yilgan: RF davlatidan qarzdor bo‘lmaslik, boshqa davlat pasporti yoki uni olish kafolati bo‘lishi, ariza topshirish va 3500 rubl miqdorda davlat bojini to‘lash. Agar fuqarolikdan voz kechayotgan shaxs Rossiyaning o‘zida yashasa, jarayon bir yilga cho‘ziladi, agar u xorijda istiqomat qilsa, buning uchun 6 oy vaqt zarur.
Ukrainaga qarshi keng qamrovli bosqindan so‘ng, eng kamida 5 yirik rus biznesmeni RF fuqaroligidan voz kechdi. Hozircha faqatgina buni ochiq eʼlon qilganlarning nomi maʼlum. Pasport almashtirish seriyasini moliyachi Timur Turlov boshlab bergan bo‘lsa, keyinchalik biznesmen Ruben Vardanyan, texnologik sektorga investitsiya kirituvchi Yuriy Milner, Revolut to‘lov tizimi asoschisi Nikolay Storonskiy va sobiq bankir Oleg Tinkovlar ham shunday yo‘l tutgan.
Freedom xoldingi asoschisi va asosiy egalik qiluvchi Timur Turlov
Forbes‘ning Rossiya milliarderlari reytingidagi o‘rni: №36
Boyligi: 2.4 milliard AQSH dollari

2022 yil iyunida biznesmen Qozog‘iston pasportini olganini eʼlon qildi.
“Bu yerda erkin nafas olish mumkin. Qozog‘iston o‘zining tinchlikparvar va mehmondo‘st siyosati tufayli yangi, yana-da farovon, samarali, adolatli davlat qura olishiga ishonaman”, – deb yozgandi Turlov Facebook sahifasida.
Keyinchalik milliarderning vakili Qozog‘iston pasportini olish uchun boshqa davlat pasportlaridan voz kechish shartligini, shuning uchun moliyachi Rossiya va Sent-Kits va Nevis fuqaroligidan voz kechganini maʼlum qilgan.
“Troyka Dialog” investitsion kompaniyasi asoschisi Ruben Vardanyan
Boyligi: 1.3 milliard AQSH dollari

Sentyabr boshida Vardanyan Rossiya fuqaroligida voz kechishi va Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chib o‘tishini eʼlon qildi. U o‘z qarorini “og‘ir psixologik holat”da bo‘lgan mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash istagi bilan izohlagan.
2021 yilda biznesmen Armaniston pasportini olgandi. Mamlakatda davlat boshqaruvi rahbarligida ishlash uchun boshqa davlat fuqaroligidan voz kechish kerak. Buni amalga oshirgan Vardanyan noyabrda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ hukumati rahbari etib tayinlandi. Ushbu xatti-harakatlar Qorabog‘ yerlarining haqiqiy egasi Ozarbayjonning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
DST Global investitsion kompaniyasi asoschisi Yuriy Milner
Forbes‘ning Rossiya milliarderlari reytingidagi o‘rni: №15
Boyligi: 7.3 milliard AQSH dollari

Milliarder fuqarolikdan voz kechishi sabablarini ochiq aytmadi, ammo RF tashqi siyosatidan noroziligini bildirdi.
“Men va oilam 2014 yil, Qrim anneksiyasidan so‘ng Rossiyani umrbod tark etdik. Yozda Rossiya fuqaroligini tugatish jarayonini rasman yakunladik”, – deb yozgan u Twitter sahifasida.
Milnerda, shuningdek, Isroil pasporti ham bor. Biznesmen 2011 yildan beri AQSHda yashaydi.
Aprelda milliarder Forbes USA nashriga bergan intervyusida hech qachon Kreml manfaatlari doirasida harakat qilmaganini maʼlum qildi. U yillar davomida Rossiyadan hech qanday pul olmaganini aytgan, ammo 200 yillarda DST Global jamg‘armasiga Alisher Usmonov sarmoya kiritgan. Milner asos solgan The Breakthrough Prize Foundation 2022 yilning 3 martida “maxsus harbiy amaliyot”ni qoralab chiqdi. Tadbirkor rafiqasi bilan ukrainalik qochqinlar uchun 100 million dollar ajratishini eʼlon qilgan.
Revolut to‘lov tizimining asoschisi Nikolay Storonskiy
Forbes‘ning Rossiya milliarderlari reytingidagi o‘rni: №16
Boyligi: 7.1 milliard AQSH dollari

Revolut kompaniyasi vakili Storonskiyning bir qancha vaqt oldin Rossiya fuqaroligidan voz kechganini maʼlum qildi. Buning rasmiy sabablari ochiqlanmagan, ammo Forbes bilan suhbatda vakil “maxsus harbiy amaliyot” boshlangach, kompaniya Ukrainadagi xodimlariga boshqa davlatlarga ko‘chib o‘tishda yordam berganini aytgan. Shuningdek, RF hududidagi ofislar ham yopilgan va xizmatchilarning relokatsiyada yordam taklif qilingan.
Milliarder fuqarolikdan voz kechishidan sal oldin Ukraina uning otasi, “Gazprom promgaz” bosh direktori katta Nikolay Storonskiyga qarshi sanksiya joriy etgandi. Revolut vakili kompaniya asoschisining qarori uning otasiga qarshi qo‘llanilgan cheklovlardan ancha oldin qabul qilinganini taʼkidlagan. Kichik Storonskiyda Buyuk Britaniya pasporti bor.
Tinkoff asoschisi Oleg Tinkov
Boyligi: 0.86 milliard AQSH dollari

Oktyabr oxirida Tinkov Rossiya fuqaroligidan voz kechganini eʼlon qildi va bu bo‘yicha hujjatlar rasmini Instagram sahifasiga joyladi. U Moskvaning Ukrainadagi harakatlariga qarshi ekanini qayd etgan. Shuningdek, biznesmen boshqa tadbirkorlarni ham fuqarolikdan voz kechishga chaqirgan.
Ertasi kuni sobiq bankirning posti Instagram‘dan olib tashlandi. Bunga trollar hujumi sabab qilib ko‘rsatilgan. Tinkov hozirda Kipr fuqarosi hisoblanadi.


