Rossiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan 10 dan ortiq xotin-qizlarning O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Manbaga ko‘ra, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva boshchiligidagi turli mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida bo‘lib qaytgan.
“Tashrif jarayonida qator firma va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 300 dan ortiq xotin-qizlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi va ular bilan yaqindan suhbatlashildi. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan 10 dan ortiq xotin-qizlarning mamlakatimizga qaytishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi”, - deyiladi xabarda.
Rossiya Federatsiyasining “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari”da saqlanayotgan, ota-onasi tomonidan qarovsiz yoki nazoratsiz qoldirib ketilgan 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarilgan. Ular tegishli markazga joylashtirilgan. Bolalar keyinroq ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi.


