1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari bilan uchrashdi

Suhbatda konfederatsiya bilan amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari bilan uchrashdi

 

Bugun, 26 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi.

 

Davlat rahbari Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qitʼa konfederatsiyasi prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan samimiy qutlab, Osiyoda ushbu sport turini ommalashtirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini qayd etdi.

 

Mamlakat va konfederatsiya o‘rtasida sermahsul hamkorlik olib borilayotganiga alohida mamnuniyat bildirildi. Futbolni rivojlantirish, unga yoshlarni keng jalb qilish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa O‘zbekistonda havaskor va professional futbolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va o‘qitish bazasini barpo etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi. Mamlakatda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va yaqinda milliy terma jamoa g‘alaba qozongani bilan chin dildan tabrikladi.

 

Uchrashuv davomida Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish, yirik tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va o‘tkazish, ushbu sport turini ommalashtirish, ilg‘or tajribani joriy qilish va metodologik yordam ko‘rsatish, murabbiylarning malakasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика