Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sirdaryo tumanidagi advokatlik byurosi advokatining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, ushbu advokat o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tuman Ichki ishlar bo‘limi (IIB) huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi tariqasida jalb qilingan fuqaroning ishini “ijobiy hal qilib berish” evaziga pul talab qilgan.
Xususan, ayblanuvchi fuqaroni Xovos tumanidagi 8-son Tergov hibsxonasidan Sirdaryo tuman IIB vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga o‘tkazish hamda keyinchalik jinoyat ishini sudda uning foydasiga hal qilib berish maqsadida, advokat 5500 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini talab qilgan.
Tezkor tadbir natijasida advokat talab qilingan summaning bir qismi – 4500 AQSh dollari va 6 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Ushbu advokat gumonlanuvchining huquqlarini himoya qilish maqsadida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun jalb qilingan edi. Bu esa uning o‘z advokatlik qasamyodi va kasbiy majburiyatlariga nisbatan xiyonat qilganini anglatadi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


