1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Surxondaryoda brakonerlar Qizil kitobga kiritilgan hayvonni ovlab, tabiatga 180 mln zarar yetkazdi

Ular “Surxon” davlat qo‘riqxonasiga noqonuniy ravishda kirishgan.

Surxondaryoda brakonerlar Qizil kitobga kiritilgan hayvonni ovlab, tabiatga 180 mln zarar yetkazdi

 

“Surxon” davlat qo‘riqxonasi xodimlari noyob jonivor bo‘lgan morxo‘rning noqonuniy ovlanishi bilan bog‘liq holatni fosh etishdi, deya xabar bermoqda Tabiat resurslari vazirligi.

 

Qayd etilishicha, 4 mart kuni soat 10:00 larda qo‘riqxonaning asosiy maydoniga 3 nafar shaxsi nomaʼlum fuqaro noqonuniy ravishda kirgan. Holat yuzasidan qo‘riqxona bosh mutaxassisi T.Normurodov, qo‘riqlash xodimlari B.Toshboltayev, I.Eshaliyev va J.Eshaliyevlardan iborat tezkor reyd guruhi tuzilib, qo‘riqxona hududida kuzatuv ishlari olib borilgan.

 

Kuzatuv ishlari davomida qo‘riqxonaga yaqin hududda harakatlanib ketayotgan Nexia-2 rusumli avtomashina xodimlarda shubha uyg‘otgan. Vandob mahallasida yashovchi fuqaro X.B.ga tegishli bo‘lgan ushbu avtomashina to‘xtatilib, yukxonasi ko‘zdan kechirilganda bir bosh burama shoxli echki (morxo‘r)ning go‘shti bo‘laklangan holda olib ketilayotganligi aniqlangan.

 

Surishtiruv ishlari davomida Sherobod tumanining Vandob mahallasida yashovchi fuqaro Sh.A. va Angor tumanida yashovchi fuqaro I.O‘. qonunga xilof ravishda qo‘riqxonaning Vandob bo‘limi Darayg‘ulsoy massividan ovchilik  ruxsatnomasi bo‘lmagan “IJ-17-32” kalibrli bir stvolli ov miltig‘i va 1 dona pnevmatik qurol bilan O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan 1 bosh morxo‘rni otib nobud qilganligi maʼlum bo‘lgan.

 

Aniqlangan holat bo‘yicha “Surxon” davlat qo‘riqxonasi, viloyat IIB, tuman IIB xodimlari va xolis guvohlar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda huquqbuzarlarga tegishli bo‘lgan ov qurollari va fuqaro X.Bga tegishli avtomashina tuman IIB xodimlariga topshirilgan.

 

Shuningdek, huquqbuzarlardan ovlangan morxo‘r go‘shti hamda 8 dona otilmagan va 4 dona ishlatilgan – jami 11 dona ov miltig‘i o‘qlari qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar xolis guvohlar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Noqonuniy ovchilarning yovvoyi hayvonot dunyosiga keltirgan zarari  180 000 000 (bir yuz sakson million) so‘mni tashkil etgan.

 

Maʼlumot uchun: morxo‘r (Capra falconeri) — O‘zbekiston va xalqaro  Qizil Kitobiga kiritilgan, tog‘ echkilari urug‘iga mansub noyob hayvon turi hisoblanadi.  Mazkur noyob hayvon turini nobud qilish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

 

Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика