Biznes-ombudsmanga “Ishonch Kelajak Xizmat” MCHJ rahbarining “Jizzaxyo‘lko‘kalam” Unitar korxonasidan qarzdorlikni undirib berishni so‘rab yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, jamiyat bilan “Jizzaxyo‘lko‘kalam” Unitar korxonasi o‘rtasida 2023 yil 22 noyabr kuni jami 236 000 000 so‘mlik oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Ushbu shartnomaga asosan, sotuvchi tomonidan har biri 5 900 so‘mdan bo‘lgan 40 000 dona 236 million so‘mlik terak ko‘chatlari 24.11.2023 yilda hisobvaraq-faktura orqali sotib oluvchiga topshirilgan.
Biroq, oradan 3 oydan ortiq vaqt o‘tishiga qaramay, tadbirkorga mavjud qarzdorlik to‘lab berilmagan.
Biznes-ombudsman tomonidan ushbu qarzdorlikni undirish yuzasidan Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Sudning 12.02.2024 yildagi Hal qiluv qaroriga asosan daʼvo talabi to‘liq qanoatlantirilib, javobgar “Jizzaxyo‘lko‘kalam” Unitar korxonasidan daʼvogar “Ishonch Kelajak Xizmat” masʼuliyati cheklangan jamiyati foydasiga 236 million so‘m qarzdorlik undirilishi belgilangan.


